AQSh elchisi Jonatan Henik O‘zbekiston fuqarolarining bog‘lar va toza havoni muhofaza qilishdagi sa’y-harakatlarini olqishladi. “Xalqlarimiz o‘z huquqlarini erkin himoya qilishi va siyosatni ishlab chiqishda ishtirok etishi mumkin bo‘lsa, mamlakatlarimiz kuchliroq, atrof-muhitimiz esa xavfsizroq bo‘ladi”, — dedi u.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Braziliya va Xitoyda yuz bergan suv toshqinlari munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi. 29-aprel kuni boshlangan yomg‘irlar sababli Braziliyada 29 kishi halok bo‘lgan, 60 kishi bedarak yo‘qolgan. Xitoyda esa yuz minglab aholi evakuatsiya qilingan.
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi, Prezident administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarovning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkentda mamlakat elchixonasining yangi binosi ochildi.
Sharqiy Afrikada joylashgan Jibuti O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan 149-davlat bo‘ldi. Bu haqdagi hujjat Nyu-Yorkda imzolandi.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘izistonda qurilishi kutilayotgan Qambarota GES-1 loyihasini “O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega” deb atadi. U xalqaro moliya institutlarini ushbu loyihada ishtirok etishga chaqirdi.
Bungacha Marhamat tumani hokimi bo‘lib ishlagan Bobirbek Yuldashev Andijon tumaniga hokim bo‘ldi. Shu tariqa bir kun ichida Andijon viloyatidagi uchta tuman rahbari o‘zgardi.
Sardoba tumaniga hokimlik qilib kelgan Akmal Mirzayev Sirdaryo viloyati hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi. O‘tkirbek Ma’murov Andijonning Marhamat tumaniga, Furqatbek Bo‘taxonov esa Buloqboshi tumaniga hokim etib tayinlandi.
Qurbon Tursunov Ibragimovich Buxoro shahri hokimi lavozimiga tasdiqlandi. U bungacha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi issiqlik ta’minotini ekspluatatsiya qilish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan. Shaharning avvalgi hokimi sog‘ligi yomonlashgani sabab ishdan ketgani aytildi.
Ishonch yorliqlarini topshirish marosimidan so‘ng O‘zbekistonning Singapurdagi elchisi Alisher Qayumov va prezident Tarman Shanmugaratnam ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qildi. Toshkent investitsiya forumida Singapur parlamenti delegatsiyasi va mamlakatdagi 25 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etadi.
Sud Erondan qaytgan 27 yoshli namanganlik fuqaroni Facebook`da prezident Shavkat Mirziyoyevga nisbatan tuhmat va haqoratli izohlar yozgani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Shavkat Mirziyoyev III Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. 2−3-may kunlari o‘tadigan tadbirda 84 ta davlatdan qariyb 2500 kishi, jumladan, BMT, YeTTB, OPEK, SHHT kabi xalqaro tashkilotlardan mehmonlar qatnashishi kutilmoqda.
Yangi Andijon shahrida investitsiya mablag‘lari asosida 4 gektar maydonda viloyat hokimligi binosini qurish ishlari boshlandi. Yangi binolar 3 va 5 qavatli shaklda qurilib, 150 ta ma’muriy xonani o‘z ichiga oladi. 1,4 gektar maydon ko‘kalamzorlashtiriladi.
Bir hafta davom etgan mehnat ta’tilidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev ish faoliyatiga qaytdi. U bugun o‘z maslahatchilari, qator vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlarini tinglaydi, hafta davomida esa Toshkent xalqaro investitsiya forumida qatnashadi.
O‘zbekiston prezidenti bosh vazir boshchiligidagi muvofiqlashtiruvchi kengashga uch oy muddatda vazirlik va idoralarni Yangi Toshkentga ko‘chirish bo‘yicha taklif kiritishni topshirdi.
Internetda Turkiyada bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va qidiruvda bo‘lgan tadbirkor Sherali Sobirjanov o‘rtasidagi suhbat videosi tarqaldi. BP video yanvar oyida bosh prokuror o‘z mablag‘i hisobidan davolanayotgan turk klinikasida yozib olingani va amaldor bu tadbirkor bilan tanish bo‘lmaganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston 2000-yildan beri ilk marta intellektual mulkning huquqiy muhofazasi bo‘yicha AQSh Savdo vakilligining (USTR) qora ro‘yxatiga kiritilmadi. Bunga mualliflik huquqlari masalasiga “yuqori darajada siyosiy” e’tibor qaratilgani, Bojxona kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar va boshqalar keltirilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hokimliklar uchun yangi avtomobillar “Mehr daftari” jamg‘armasidan xarid qilinmaganini tasdiqladi. Jamg‘arma nomining davlat xaridlari lotlarida ko‘rsatilishi STIRni noto‘g‘ri kiritish bilan bog‘liq bo‘lib chiqdi.
O‘zbekistondan Afg‘onistonga oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan 169 tonnadan ortiq insonparvarlik yordami yetib bordi. Yordam tarkibidan un, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, konservalangan go‘sht mahsulotlari, makaron, shakar va boshqalar o‘rin olgan.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirining Toshkentga tashrifi chog‘ida qo‘shma iqtisodiy komissiya tuzish, tezyurar temiryo‘l loyihalari va boshqalar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ta’lim, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish, iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilish bo‘yicha dasturlar e’lon qilindi.
Qo‘shimcha: Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari hokimliklari yangi avtomobillar “Mehr daftari” jamg‘armasidan xarid qilinmaganini ma’lum qildi. Jamg‘arma nomining davlat xaridlari lotlarida ko‘rsatilishi portaldagi nuqson bilan bog‘liq.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting